Urganch shahri go`zal va jannatmakon mustaqil O`zbekistonimizning go`zal viloyatlaridan biri Xorazm viloyatining markazi. Urganch mustaqillik davrida tanib bo`lmas darajada o`zgardi. Katta qurilishlar, obodonchilik ishlari, ravon ko`chalar,  xiyobonu binolar, jahon darajasiga to`liq javob beradigan maktablar, kasb-hunar kollejlari, universitetlarni qad ko'tardi .

GO‘ZAL DIYORIMIZ GAVHARI

on .

Erta sahar bog‘ oralab tong otishini kuzatganmisiz? Oyog‘ingiz ostidagi oddiy giyoxdan tortib, boshingiz uzra egilgan har bir daraxt novdasi, har bir yaproq nurga intiq turgandek tuyuladi. Umidla Quyoshga talpinayotgandek ko‘rinadi, go‘yo. Ko‘p o‘tmay, oftob shu’lasi bog‘ uzra taralib, ajib joziba, tarovat bag‘ishlaydi, atrofni charog‘on etadi. Ona zamin — O‘zbekistonni misoli bir bog‘ deb tasavvur etsak, balqib turgan Istiqlol quyoshi bu bog‘ni ana shunday jozibaga burkaydi. Binobarin, bu bog‘ning ko‘rku tarovatini qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahri misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Asrlar bilan bo‘ylashgan shahar va uning atrofidagi qishloqlar ko‘rkamlashdi. Yirik ishlab chiqarish korxonalari, chiroyli turar-joylar, madaniy-maishiy ob’ektlar, maktablar, kollejlar qad rostladi. Iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda quvonarli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Qisqacha aytganda, barpo etilgan ravon yo‘llar, go‘zal xiyobonlar ko‘hna shaharni yashnatib yubordi.
Xivaning mahalla va unga tutash qishloqlarida birgina o‘ggan yilning o‘zida namunaviy loyiha asosida 150 ta turar - joy foydalanishga topshirildi. Shuningdek, keyingi yillarda buyuk bobokalonlarimiz xotirasiga barpo etilgan Ogahiy bog‘i, Sheroziy bog‘i, Beruniy bog‘i, Feruz bog‘i kabi bog‘-rog‘lar ham gavjum maskanga aylanib ulgurgan.
 
 
Vohada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari butun mamlakatimizda bo‘lganidek, odamlar kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shmoqda. “Xorazm gilamlari” korxonasi to‘quvchilari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ma’lumu mashhur. Umuman, bugun Xivada 2500 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida ular  safiga  yana qariyb 60 ta ishbilarmonlarimiz qo‘shildilar.
Xiva - azal-azaldan milliy hunarmandchiligi bilan butun Sharqda dong taratgan. Tuman xunarmandlari uyushmasi tevaragiga birlashgan 200 nafardan ziyod yog‘och o‘ymakorligi, to‘quvchilik, zardo‘zlik, kulollik, liboslar tikuvchisi va boshqa kasb-kor bilan shug‘ullanuvchi ustalar umrboqiy an’analarni “Ustoz - shogird” maktabi asosida yuzlab yosh yigit-qizlarga o‘rgatishmoqda. Turgan gapki, o‘z-o‘zidan bu yangi ish o‘rinlari ochilishiga imkoniyat yaratmoqda.
Cho‘girmado‘z va po‘stindo‘z Shokirjon Abdullaev xunarmand ustalar sulolasining yettinchi avlod vakili. Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus” ko‘riktanlovining viloyat va respublika bosqichlarida bir necha bor muvaffaqiyatli qatnashib, sovrindor bo‘lgan usta bugungi kunda xunari sir-asrorlarini farzandlari va shogirdlariga qunt bilan o‘rgatmoqda. Qo‘li gul xunarmand mahsulotlarini chet ellik sayyohlar ham zo‘r qiziqish bilan kuzatishadi va xarid qilishadi. 
Biz tomonlarda bir udum bor. Yangi oila qurayotgan kelin-kuyovlar to‘y kuni, eng avvalo, Ichan qal’aga tashrif buyurib, Sayyid Aloviddin, Pahlavon Mahmud va boshqa buyuk zotlar mangu makon tutgan qadamjolarni ziyorat qiladilar. Bu ham ajdodlar xotirasiga ehtirom va sadoqat ramzidir.
Ichan qal’aga kiriladigan to‘rtta darvozaning biri - Ota darvoza oldidagi doimo gavjum bo‘ladigan mehmondo‘stlik maydoniga qadam ranjida qilgan kishi ajib manzaraning guvohiga aylanadi. Bir tomonga boqsangiz, zamonaviy rusumdagi avtoulovlarni, ulardan tushib ziyoratga oshiqayotgan kelin-kuyovlarni, qo‘llarida, yelkalarida raqamli fotoapparat - atrofga hayrat nazari bilan boqib, xorijiy tilda o‘zaro gaplashib kelayotgan guruh-guruh sayyohlarni ko‘rasiz. Yana bir tomonga qarasangiz, asrlar osha qad tiklab turgan afsonaviy qal’a devorlariga, niliy gumbazlaru osmono‘par minoralarga ko‘zingiz tushadi.
“Xiva - go‘zal diyorimizning gavhari, xalqimiz san’ati va bunyodkorligi timsoli, madaniy va ma’naviy an’analarimizning abadiyligini o‘zida mujassam etgan bir mo‘jizadir”, degan edi Prezidentimiz Islom Karimov Xivaning 2500 yilligiga bag‘ishlangan tantanada so‘zlagan nutqida. Darhaqiqat, uni bir bor ko‘rish uchun bugun dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar oqimi yilning to‘rt faslida ham aslo to‘xtamaydi.
- Aytganlaricha bor ekan, ko‘rib qoyil qoldim, - deydi fransiyalik mehmonlardan biri. - Ichan qal’ada sayr qilib, o‘zimni xuddi qadim Sharq ertaklarida tasvirlangan voqealar ichida yurgandek his etdim. Ochiq osmon ostidagi muzeyga endi butun oilam bilan kelishni niyat qildim.
Bu so‘zlarni tinglay turib, shu zamin farzandi sifatida cheksiz faxr tuyasan kishi.
Xiva nafaqat asrlar silsilasidan omon o‘tib kelgan tarixiy obidalar, balki o‘z iste’dodi, salohiyati, kashfiyotlari bilan jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan allomalar, fozilu shoirlari bilan ham mashhur. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Najmiddin Kubro, Abu Nasr ibn Iroq, Mahmud Zamaxshariy. Ular qoldirgan boy ilmiy merosni baholashga qodir toshu tarozi topilmasa kerak!
Qutlug‘ ayyom — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilliginim 23 yilligini nishonlashga taraddud ko‘rilayotgan shu kunlarda qaysi bir eldoshimiz, ayniqsa, yoshlar bilan suhbatlashsangiz amin bo‘lasizki, ularning orzu-havaslari bir olam. Niyatlari -hayotda yaxshi iz qoldirish. Ularni tinglasangiz, yurt kelajagi ishonchli qo‘llarda ekaniga amin bo‘lasiz. Shu muqaddas zamin farzandi, butun jahon havasda boqib turgan ozod va obod Vatan fuqarosi ekanligingizdan beqiyos g‘urur tuyasiz.