URGANCH "ISHGA MARHAMAT" MONOMARKAZI- BAND BO'LMAGAN AHOLI UCHUN QANOT BO'LMOQDA
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlarni kasbga qayta tayyorlashga zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi "Kambag'al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o'qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PQ-4804-son qaroriga muvofiq, Xorazm viloyatining markazida "Ishga marhamat" monomarkazi tashkil etilib, monomarkaz zamonaviy loyihalar asosida 2021 yil fevral oyida o'z ish faoliyatini boshlagan.
Ushbu Urganch "Ishga marhamat" monomarkazida bugungi kunda ijtimoiy hayotimizda zarur bo'ladigan juda ko’plab kasb va yo'nalishlar mavjud. Monomarkazda ta'lim olgan o’quvchilar nafaqat O'zbekistonda, balki horijda ham ishlash imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Xorazm viloyati mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, ushbu monomarkazda turli yoʼnalishdagi kasblar, jumladan:
Servis va xizmat ko'rsatish sohasi bo'yicha - 6 ta kasb (tikuvchi, ayollar va erkaklar sartaroshi, neyl-stilist, kosmetolog, keytring xizmati);
Texnik sohasi bo'yicha - 7 ta kasb (santexnik, elektrik, elektromontyor, maishiy uy-ro'zg'or, elektrotexnik buyumlarini ta'mirlash ustasi, payvandlovchi, avtoservis xizmat ko'rsatish, V, B,S kategoriyali haydovchilikka o'qitish);
Qurilish sohasi bo'yicha - 6 ta kasb (gipsakarton va profillarga ishlov berish ustasi, g'isht teruvchi, kafelchi, suvoqchi va bo'yoqchi, kranchi, liftchi) va boshqalar. Buning uchun markazga zarur stanoklar, mebel, mulyaj va boshqa amaliyot vositalari keltirib o'rnatilgan.
Qishloq xo'jaligi sohasi bo'yicha - 2 ta kasb (asalarichilik, gidroponika);
Raqamli texnologiyalarni o'rgatish maxsus kursi boʼyicha – 3 ta kasb (Kompyuter dizayn dasturlari (3Dmax, Autocad), 1S Buxgalteriya + byudjet tashkilotlarida buxgalter, dasturchi), jami 25 ta turdagi kasblar o'qitiladi.
Bundan tashqari, markazda ingliz, turk, yapon, xitoy, koreys va rus tillari o'qitish bo'yicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritmoqda. Tadbirkorlikka tayyorlash tizimi ham yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, bu yerda bandlik masalalari bo'yicha maslahat xizmati ko'rsatiladi. Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi o'quv kursiga jalb qilinadi. Boshqa mamlakatda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga bu boradagi ko'nikma va xorijiy tillar o'rgatiladi.
Mazkur Urganch "Ishga marhamat!" monomarkazi fuqarolarimizning talab yuqori kasblarni tezda o'rganib, ish topishi va o'z sohasida tadbirkorlikni yo'lga qo'yishi uchun muhim o'rin tutmoqda.
Urganch shahar hokimligi axborot xizmati.