ЎЗБ / O'ZB / РУС / ENG                 Махсус имкониятлар

Demografiyaga oid ishonchli ma’lumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi

Yangi yilning ilk kunida O‘zbekistonda 2 316 nafar chaqaloq dunyoga keldi. 

  Viloyatimizda bu ko‘rsatkich 115 nafarni tashkil qilgan. Respublika bo‘yicha bu - 10- ko‘rsatkich. 

   2021- yilning 1- yanvar kuni mamlakatimizda 1 644 ta tug‘ilish holatlari qayd qilingan edi. 

          Ushbu statistik ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan 2022-  yilning ilk demografik statistikasi bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

 Demografik statistika –aholi statistikasi bo‘lib, aholi va uning alohida guruhlarining miqdori, tarkibi , joylashishi va takror barpo bo‘lishi haqidagi statistik uslub asosida ma’lumotlar to‘plash, ularni qayta ishlash va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Demografik statistika aholining demografik holati, ya’ni tug‘ilish, o‘lish, nikoh va ajralish, aholining tabiiy o‘sishi haqidagi raqam ko‘rsatkichlar yig‘indisidan iboratdir. 

 Demografik jarayonlarni mamlakat hayotining barcha sohalariga ta’siri bor. Avvalo, ushbu ma’lumotlar aholining mehnat bilan bandlik hamda ishsizlik darajasining miqdoriga, yalpi ishlab chiqarishning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad ko‘rsatkichlariga, uy-joy bilan ta’minlash, pensiya va nafaqa ta’minotining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi.


        Qariyb 30 yildan ortiq davr mobaynida mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmaganligi bois, demografik statistika 1989- yildagi aholini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda tuzilmoqda.

  Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi    710-son qarori bilan respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1-25 noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilandi. Bu o‘z navbatida demografik ma’lumotlarni yanada ishonchli, ochiq va shaffofligini ta’minlashga, undan foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik va imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

 

 Xorazm viloyati statistika boshqarmasi Axborot xizmati.


Тепага чиқиш